Toshkentda Nexia-3 ishtirokidagi YTH oqibatida bir kishi vafot etdi

Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanida Nexia-3 rusumli avtomobil yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida beton ustunga urildi, yo‘lovchilardan biri halok bo‘ldi. Bu haqda poytaxt IIBB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.
Yo‘l-transport hodisasi 22-may kuni taxminan soat 13:00 da Fayzli Toshkent ko‘chasi 60-uy qarshisida yuz bergan. Nexia-3 mashinasini 2001-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqarayotgan bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanish natijasida u boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda avtomobil yo‘l chetidagi beton ustunga borib urilgan.
Hodisa joyida mashinada bo‘lgan va 2000-yilda tug‘ilgan yo‘lovchi olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli vafot etgan. Haydovchiga esa birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda to‘rtta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.