Chet ellik fuqarolarga maxsus soliq rejimi joriy etish tartibi belgilandi

O‘zbekiston hukumati qarori bilan chet ellik fuqarolarga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi rasman tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hukumat qarori bilan «Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risida»gi nizom kuchga kiritildi. Unga ko‘ra, chet el fuqarolari maxsus soliq rejimini olish uchun YIDXP (my.gov.uz), Elektron soliq xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali ariza topshirishi mumkin.
Arizaga chet el pasporti nusxasi hamda O‘zbekistonda bo‘lish muddatini tasdiqlovchi hujjatlar (viza yoki boshqa tegishli hujjatlar) ilova qilinishi shart etib belgilandi. Soliq qo‘mitasi maxsus soliq rejimini taqdim etish komissiyasi arizani ko‘rib chiqib, uning natijasi bo‘yicha xulosani 1 ish kuni ichida arizachiga yuboradi.
Ijobiy xulosa olingan taqdirda, chet el fuqarosi bank hisobvarag‘i yoki kripto-hamyon ochadi hamda $50 ming miqdoridagi maxsus yig‘imni to‘laydi. Belgilangan talablarni bajargan fuqarolar hamda ularning voyaga yetgan yaqin qarindoshlariga maxsus soliq rejimi arizada ko‘rsatilgan muddatga, biroq 5 yildan oshmagan davrga beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Soliq xizmati fidoyisi» ko‘krak nishoni kimlarga berilishi haqida yozgan edik.