Bangladeshda yuk mashinasining ag‘darilishi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Mahalliy rasmiylar hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan
Bangladeshda yuk mashinasining ag‘darilishi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi
Foto: Anadolu

Bangladeshda og‘ir temir prutlar ortilgan yuk mashinasining ag‘darilishi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy nashrlarga tayanib Anadolu xabar berdi.

Fojia mamlakatning Tangail tumanida yuz berdi. Xabarga ko‘ra, yuk mashinasi poytaxt Dakkadan mamlakat shimoliga qarab ketayotgan bo‘lgan. Mashina kuzovida temir prutlar bilan birga bir guruh odam ham bo‘lgan. Ular kunlik ishchilar bo‘lib, yo‘l-yo‘lakay yuk mashinasiga chiqib olgan.

Avtomobil ag‘darilganidan so‘ng og‘ir metall prutlar va mashina qismlari kuzovdagi odamlar ustiga qulagan. Natijada 15 kishi voqea joyida yoki keyinroq halok bo‘lgan. Ko‘plab jarohatlanganlar shifoxonalarga olib ketilgan. Ularning ayrimlari og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda.

Mahalliy rasmiylar hodisa yuzasidan tekshiruv boshlagan. Avariya sabablari hozircha rasman e’lon qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Bangladeshda chaqmoq urishi oqibatida 14 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek