Filippinda qurilayotgan bino qulab tushdi: 20 ga yaqin kishi vayronalar ostida

eʼlon qilindi
Voqea sabablari yuzasidan tergov boshlandi
Filippinda qurilayotgan bino qulab tushdi / Foto: Reuters

Filippinning poytaxti yaqinidagi hududda qurilish jarayonidagi ko‘p qavatli bino qulab tushdi. Oqibatda bir kishi vafot etdi, 20 ga yaqin odam vayronalar ostida bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda BBC.

Manila yaqinidagi Angeles City shahrida 24-may kuni tong saharda qurilayotgan to‘qqiz qavatli bino kutilmaganda qulab tushdi. Hodisa mahalliy vaqt bilan taxminan soat 03:00 da sodir bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kamida bir kishi halok bo‘lgan, yana 20 ga yaqin inson vayronalar ostida bo‘lishi mumkin.

Qutqaruv xizmatlari hozirgacha 24 kishini bino hududidan, yana ikki kishini esa yaqin atrofdagi mehmonxonadan qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Vayronalar ostida qolganlarning aksariyati qurilish ishchilari ekani taxmin qilinmoqda. Rasmiylar hozircha kamida besh kishi qamalib qolganini, ulardan ikkitasi qutqaruvchilar bilan aloqa o‘rnatganini bildirgan.

Foto: EPA

Halok bo‘lgan shaxs Malayziyadan kelgan 65 yoshli erkak ekani ma’lum qilindi. U mehmonxona devori ostida qolib ketgan paytda telefon orqali qutqaruvchilar bilan bog‘lanishga ulgurgan, biroq qutqaruvchilar uni olib chiqqanida u allaqachon vafot etgan edi. Guvohlarning aytishicha, qulashdan oldin kuchli gumburlash eshitilgan va keyinchalik ikki ko‘cha bo‘ylab vayronalar tarqalgan.

Bino devorlari va uning atrofidagi qurilish tuzilmalari buzilib ketgani sababli katta hajmdagi beton bo‘laklari ostida odamlar qolib ketgani bildirilmoqda. Qutqaruv ishlarini og‘ir beton qismlar va vayronalarni ko‘tarish uchun maxsus texnikaning yetishmasligi qiyinlashtirmoqda. Mutasaddilar voqea sabablari yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda xudkushlik hujumi sababli kamida 23 kishi halok bo‘lgan edi. Prezident terakt munosabati bilan Pokiston rahbariyati va halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta’ziya bildirdi.

Shuningdek