Fond bozori: qaysi aksiyalar narxi tushdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 15-maydan 22-maygacha bo‘lgan davrda salbiy dinamikani ko‘rsatdi. Ammo UCI fond indeksi 1,34 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «Garant bank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 7,69 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zbektelekom» (+5,69%) va «BRB» aksiyalarida (+5,13%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari 15,15 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Kapital sug‘urta» (-15%) va «O‘zbekgeofizika» (-12%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «UzAuto Motors» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF, 10 185 ta), «Hamkorbank» (938 ta) va «O‘zbektelekom» (848 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa UzNIF (9,49 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zbektelekom» (456,71 mln so‘m) va «O‘zRTXB» (438,42 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 15 tasi haftani ijobiy, bittasi o‘zgarishsiz va 22 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 401,88 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 18-may kuni UzNIF aksiyalari bo‘yicha jismoniy shaxslar uchun 4,41 so‘mlik narx bilan ilk savdoga chiqarilgandi. Mazkur yirik xususiylashtirish jarayoni natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotiga 600 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilindi.