Jinoiy uyushmalarga homiylik qilganlarga javobgarlik joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, Senatga yuborildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Loyihada jinoiy uyushmalar faoliyatini moliyalashtirganlik uchun Jinoyat kodeksiga alohida javobgarlik kiritish taklif etilmoqda. Shuningdek, bunday jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan oldin shartli ozod qilish tartibini qo‘llamaslik nazarda tutilgan.
Hujjatda mansab vakolatidan foydalangan holda jinoiy guruhlarga homiylik qilgan mansabdor shaxslar uchun ham javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda. Amaldagi qonunchilikda jinoiy uyushmaga rahbarlik qilish yoki uni tashkil etish uchun jazo mavjud bo‘lsa-da, unga homiylik qilish alohida norma sifatida ko‘rsatilmagan.
Qonun loyihasida uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilgan bezorilik holatlari uchun jazolarni kuchaytirish ham taklif qilinmoqda. Ta’kidlanishicha, ayrim hollarda bunday jinoyatlar uchun yengil jazo tayinlanayotgani jazosizlik muhitini yuzaga keltirmoqda.
Bundan tashqari, jangovar sport turlari bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatga qarshi choralar ham kuchaytiriladi. Xususan, sport musobaqalarini noqonuniy tashkil etish yoki o‘tkazish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Unda qatnashgan shaxslarga esa ma’muriy choralar qo‘llash rejalashtirilgan.
Yakunda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xatirchida noqonuniy kon qazish bilan shug‘ullangan guruh ushlangani haqida yozgandi.