
O‘zbekistonda jinoiy uyushmalar faoliyatiga ko‘maklashgan va ularni moliyalashtirgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda muhokama qilinayotgan qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda mamlakatda jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda. Biroq tahlillar ayrim hollarda jinoiy uyushmalarni tashkil etish va moliyalashtirish holatlari jamoat xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirayotganini ko‘rsatgan.
Shu sababli Jinoyat kodeksiga jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun alohida javobgarlik kiritish taklif qilinmoqda. Qonun loyihasiga ko‘ra, bunday jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan oldin shartli ozod qilish tartibi qo‘llanilmasligi mumkin.
Bundan tashqari, mansab vakolatidan foydalanib jinoiy uyushmalarga homiylik qilgan mansabdor shaxslar uchun ham javobgarlik belgilash rejalashtirilgan. Hozirgi qonunchilikda jinoiy uyushma tashkil etish yoki unga rahbarlik qilish uchun javobgarlik mavjud bo‘lsa-da, unga homiylik qilish alohida jinoyat sifatida ko‘rsatilmagan.
Qonun loyihasida, shuningdek, uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilgan bezorilik jinoyatlari uchun jazolarni ham kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xatirchida noqonuniy kon qazish bilan shug‘ullangan guruh ushlangani haqida yozgandi.