Kichik va o‘rta biznes uchun raqamli kredit platformasi joriy etiladi

eʼlon qilindi
Platforma “Elektron hukumat” tizimidagi ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi
Kichik va o‘rta biznes uchun raqamli kredit platformasi joriy etiladi / Foto: President.uz

O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes uchun kredit olish jarayonini soddalashtiruvchi yangi raqamli platforma joriy etilishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish qaratilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda kredit olish jarayonini soddalashtirish maqsadida raqamli moliyaviy platformani ishga tushirish taklifi ilgari surildi. U orqali tadbirkorlar kredit uchun ariza yuborishi, bir nechta bank takliflarini olish, ularni taqqoslash va eng maqbul shartni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Platforma «Elektron hukumat» tizimidagi ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinib, kredit jarayonida hujjatlarni yig‘ish va inson omilini kamaytirishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 2026-yil 1-dekabrdan boshlab sun’iy intellekt asosida muqobil skoring modeli joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu model an’anaviy kredit tarixidan tashqari biznes faolligi, soliq va kommunal to‘lovlar hamda boshqa raqamli ma’lumotlarni ham hisobga oladi. Bu kredit tarixi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlar uchun ham moliyaviy imkoniyatlarni kengaytiradi.

Bundan tashqari, banklar tomonidan «AI maslahatchisi» dasturini joriy etish taklifi ham ilgari surildi. U mahallalardagi iqtisodiy ixtisoslashuv va rivojlanish nuqtalarini inobatga olgan holda biznes g‘oyalarni shakllantirish va ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga yordam beradi. Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash doirasida esa mikrokreditlarning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi 6,5 foizga oshgani haqida yozgan edik.

Shuningdek