O‘zbekistonda har bir nasldor buzoq uchun 700 ming so‘mgacha subsidiya beriladi

eʼlon qilindi
2026-yil 1-iyuldan boshlab
Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda prezidentning tegishli qarori bilan 2026-yil 1-iyuldan boshlab aholi xonadonlarida identifikatsiya qilingan sigirlardan olingan nasldor buzoqlar uchun davlat tomonidan mablag‘ ajratiladi.

Yangi tartibga asosan, sun’iy urug‘lantirish orqali tug‘ilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘m subsidiya to‘lanadi. Agar buzoq embrion ko‘chirish texnologiyasi orqali olingan bo‘lsa, subsidiya miqdori 700 ming so‘mni tashkil etadi. Mablag‘lar davlat budjeti hisobidan Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan ajratiladi.

Qarorda chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar ham belgilangan. Xususan, 2026-yil iyunidan 2029-yil boshigacha xorijdan olib kiriladigan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, tijorat banklari orqali imtiyozli kreditlar ajratish mexanizmi ham joriy etiladi. Chorvachilik komplekslarini tashkil etish va naslli hayvonlar xaridi uchun 5 milliard so‘mgacha, naslli buqa urug‘i yetishtiruvchi korxonalar uchun esa 20 milliard so‘mgacha kredit berilishi rejalashtirilgan. Kreditlar 10 yilgacha muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan taqdim etiladi.

Hujjatda qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ham yangi tartib nazarda tutilgan. 2027-yildan boshlab ayrim maydonlarning yarmida ozuqabop ekinlar ekishga ruxsat beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2028-yilgacha mamlakatda qoramollar sonini 16,5 million boshga, qo‘y va echkilarni 30 million boshga, parrandalarni esa 141 million boshga yetkazish ko‘zda tutilgani haqida yozgandi.

Shuningdek