Prezident Pokistondagi terakt munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Pokistonning Kvetta shahrida yuz bergan terrorchilik harakati oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar munosabati bilan ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekiston rahbari Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy hamda bosh vazir Shahboz Sharifga hamdardlik maktubi yubordi. Ta’ziyada terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani va jarohat olgani chuqur taassuf bilan qayd etilgan.
Shuningdek, Mirziyoyev marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.
Ma’lumot uchun, mamlakatning janubi-g‘arbiy qismidagi Kvetta shahrida poyezd o‘tayotgan vaqtda temir yo‘l stansiyasi yaqinida xudkushlik portlashi yuz berdi. Oqibatda kamida 23 kishi halok bo‘ldi va 71 kishi jarohatlandi.
Pokiston markaziy hukumatidan mustaqillik talab qiluvchi «Balujiston ozodlik armiyasi» (BLA) jangarilik tashkiloti hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, portlash xudkush terrorchi tomonidan amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Xitoyning Shansi provinsiyasidagi ko‘mir konida yuz bergan yirik avariya munosabati bilan XXR raisiga hamdardlik yo‘llagan edi.