Qirg‘izistonda Starlink interneti rasman ishga tushdi

Qirg‘izistonda Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti rasman ishga tushdi. Bu haqda servisning rasmiy xaritasidagi ma’lumotlarda ko‘rsatilgan.
Endilikda Qirg‘iziston Starlink xizmati mavjud bo‘lgan davlatlar qatoriga kirdi. Foydalanuvchilar Starlink saytida o‘z manzilini kiritib, hududida internetga ulanish imkoniyati borligini tekshirishi mumkin. Servis tanlangan manzil uchun mavjud tarif rejalarini ham ko‘rsatadi. Qirg‘izistonda Starlink uskunalar to‘plami narxi 36 270 som etib belgilangan. Bu taxminan $415 ga teng.

Starlink’ning ishga tushirilishi chekka qishloqlar va tog‘li hududlar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki bunday joylarda simli yoki mobil internet barqaror ishlamasligi mumkin. Markaziy Osiyoda Qozog‘iston Starlink’ga birinchilardan bo‘lib ulangan. Ushbu xizmat mamlakatda 2025-yil 13-avgust kuni ishga tushgan.
Dastlab Qozog‘istonda Starlink pilot rejimda ishlagan. U asosan chekka qishloq maktablarini internet bilan ta’minlash uchun qo‘llangan. Keyinroq xizmat barcha foydalanuvchilar uchun ochilgan. Hozir Qozog‘istonda Starlink internetining oylik to‘lovi 31 ming tenge atrofida. Bu taxminan $65 ga teng. Uskunalar to‘plami esa 201 ming tenge, ya’ni taxminan $427 turadi.
Tojikistonda ham Starlink xizmati mavjud. Shu tariqa sun’iy yo‘ldosh interneti Markaziy Osiyoda bosqichma-bosqich kengaymoqda. O‘zbekistonda Starlink’ni ishga tushirish 2026-yilga rejalashtirilgan. Bu Starlink’ning rasmiy xaritasida ko‘rsatilgan.
«Kursiv» nashri 37 ta aviakompaniya Starlink internetini joriy etayotgani haqida yozgan edi.