Tramp Eron portlari blokadasini saqlab qolmoqchi

eʼlon qilindi
U tomonlar shoshilmasligi va jarayonni to‘g‘ri yakunlashi kerakligini ta’kidlagan
Tramp Eron portlari blokadasini saqlab qolmoqchi
Foto: Getty Images

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron portlariga nisbatan blokada yakuniy kelishuv imzolanmaguncha saqlanishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar tartibli va konstruktiv ruhda davom etmoqda.

Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida blokada kelishuvga erishilib, u tasdiqlanib va imzolanguncha to‘liq kuchda qolishini yozdi. U tomonlar shoshilmasligi va jarayonni to‘g‘ri yakunlashi kerakligini ta’kidladi.

AQSH rahbari Vashington va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar yanada professional va samarali tus olayotganini ham bildirgan. Shu bilan birga, u Eron yadroviy qurol ishlab chiqmasligi yoki uni qo‘lga kiritmasligi kerakligini qayd etdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Eron bilan urushni tugatish va Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi. U 23-may kuni kelishuvning asosiy qismi muhokama qilinganini, yakuniy jihatlar esa hozir ko‘rib chiqilayotganini aytgan.

Axios manbalariga ko‘ra, kelishuv loyihasi 60 kunlik sulhni uzaytirishni nazarda tutadi. Shu davrda Hormuz bo‘g‘ozi kemalar harakati uchun to‘lovlarsiz ochilishi mumkin. Eron esa bo‘g‘ozni minalardan tozalash majburiyatini oladi.

AQSH esa 60 kun ichida sanksiyalarni yumshatish va Eron aktivlarini ochish masalasini muhokama qilishga tayyor. Biroq ushbu qadamlar faqat yakuniy kelishuv doirasida amalga oshirilishi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» FIFA Jahon chempionatida Eronning eski bayrog‘ini yana taqiqlashi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek