Yaqin Sharqdagi muzokaralar sabab neft narxi 6 foizga tushib ketdi

AQSh va Eron tinchlik bitimiga yaqinlashayotgani to‘g‘risidagi xabarlar fonida 25-may kuni neft narxi 6 foizga tushib, ikki haftalik minimumga yetdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Dushanba kungi savdolarda Brent markali neft fyucherslari $5,85 ga (5,7 foiz) arzonlashib, bir barrel uchun $97,69 ni tashkil etdi. AQShning WTI markali nefti ham $5,75 ga (6 foiz) tushib, barreliga $90,85 dan sotildi. Har ikkala shartnoma 7-maydan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
Narxlarning tushishiga AQSh prezidenti Donald Trampning shanba kuni bergan bayonoti sabab bo‘ldi. Tramp Vashington va Tehron Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha katta ehtimol bilan kelishib olganini aytdi. Ushbu bo‘g‘oz orqali jahon neft va suyultirilgan tabiiy gazining beshdan bir qismi tashiladi.
Shunga qaramay, yakshanba kuni Donald Tramp o‘z vakillariga Eron bilan kelishuvga shoshilmaslikni tayinlaganini ma’lum qildi. Tahlilchilarning fikricha, tinchlik kelishuviga qaramay, Hormuz bo‘g‘ozi orqali normal neft yetkazib berish oqimini tiklash bir necha oy vaqt olishi mumkin, chunki shikastlangan gaz va neft obyektlarini ta’mirlash talab etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Erondagi urush sabab Rossiya neftiga imtiyozni yana uzaytirgani haqida xabar bergan edi.