Bektemir tumani soliq inspeksiyasi xodimlari pora bilan ushlandi

Toshkent shahrida soliq inspeksiyasi xodimlarining korrupsiyaga oid noqonuniy harakatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bektemir tumani soliq inspeksiyasining sho‘ba boshlig‘i mahalliy tadbirkorga tegishli do‘konda xaridorga savdo cheki berilmagani haqida ariza kelib tushganidan xabar topgan. U xizmat mavqeidan foydalanib, ushbu murojaat bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va hujjatlarni sudga taqdim etmaslik evaziga tadbirkordan 4 mln so‘m pora talab qilgan.
Sho‘ba boshlig‘i ushbu pulni soliq inspeksiyasi inspektori orqali olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tergovga qadar tekshiruv davomida yana bir holat ham aniqlangan. Joriy yilning aprel oyida mazkur inspektor aynan shu do‘konda boshqa mijozga savdo cheki berilmagani bo‘yicha kelib tushgan murojaatni ko‘rmasdan qoldirish evaziga 1,5 mln so‘m olgani ma’lum bo‘lgan.
Hozirda ushbu soliq xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Buxoroda tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.