Endi ko‘mir narxlari davlat tomonidan belgilab berilmaydi

eʼlon qilindi
Narxlar bozor mexanizmlariga qarab shakllantiriladi
Endi ko‘mir narxlari davlat tomonidan belgilab berilmaydi / Foto: President.uz

2026-yil 1-iyundan boshlab ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinib, ularni shakllantirishda bozor mexanizmlariga o‘tiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan koʻmir sanoatida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda ko‘mir iqtisodiyot tarmoqlari, issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy muassasalar va aholi ehtiyojini ta’minlashda muhim energiya manbai ekani qayd etildi. So‘nggi yillarda ishlab chiqarish hajmi sezilarli oshib, mustaqillikning dastlabki 25 yilida 3,1–4 mln tonna bo‘lgan ko‘rsatkich so‘nggi 9 yilda 10 mln tonnaga yetkazildi va kelgusi kuz-qish mavsumida 11 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Sohada 18 ta xususiy tadbirkor faoliyat yuritib, $117,2 mln investitsiya hisobiga 2,4 mln tonna ko‘mir qazib olindi, Angren va Sharg‘un ko‘mirini aralashtirish orqali esa 1,5 mln tonna import o‘rnini bosuvchi mahsulot yetkazib berildi.

Muhokamalarda 2026-yil 1-iyundan boshlab ko‘mir narxlarini davlat tomonidan belgilash amaliyotini bekor qilish va mahsulotni strategik tovarlar ro‘yxatidan chiqarish taklifi ilgari surildi. Bunda narxlar talab va taklif asosida shakllanib, birja savdolari orqali sotilishi, yirik iste’molchilar esa «taklif so‘rovi» mexanizmi asosida xarid qilishi nazarda tutilmoqda. Aholi va budjet tashkilotlarini barqaror ta’minlash uchun alohida tizim joriy etilib, temir yo‘l tashishlari yagona tarif asosida amalga oshirilishi, «Ko‘mir ta’minot» MChJ tugatilib, omborlar va texnikalar auksion orqali sotilishi belgilandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga esa mycoal.uz orqali ko‘mir xaridi uchun 600 ming so‘mgacha bir martalik yordam ajratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Nishbosh ko‘mir konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida 233 mln tonna zaxira va yiliga 10 mln tonna qazib chiqarish quvvati ko‘zda tutilgani, loyiha qiymati $494 mln bo‘lib 880 ta ish o‘rni yaratilishi ma’lum qilindi. Shu asosda 1,4 gigavatt quvvatga ega yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi va $1,3 mlrd investitsiya jalb etilishi, natijada yiliga 9,8 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi hamda 2 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi kutilmoqda. Tarmoqda mahalliylashtirish salohiyatini $2,1 mlrdgacha yetkazish va 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilgi qish mavsumidan boshlab fuqarolar ko‘mir xaridi uchun oldindan to‘lovni amalga oshirishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek