O‘zbekistonda Qurbon hayiti namozi vaqtlari e’lon qilindi

2026-yil 27-may kuni O‘zbekistondagi barcha jome masjidlarda Qurbon hayiti namozi o‘qilishi belgilandi. Bu haqda O’zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Hayit namozi viloyatlar kesimida turlicha vaqtlarda ado etiladi. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida namoz vaqti 05:05 etib belgilangan. Toshkent viloyatida esa bu ko‘rsatkich 05:10 ni tashkil etadi.

Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida jamoat 05:20 da namozga yig‘iladi. Samarqand hamda Surxondaryo viloyatlarida hayit namozi 05:30 da o‘qiladi.
Qashqadaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida namoz o‘qish vaqti 05:35 etib belgilangan. Xorazm viloyatida 05:50 da, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 05:55 da hayit namozi ado etiladi.
Qayd etilishicha, ushbu vaqtlar quyosh chiqqanidan keyingi 15–20 daqiqalik farq inobatga olingan holda belgilangan.
Avvalroq Kursiv nashri Turkistonda O‘zbekiston qurgan yangi masjid ochilgani haqida xabar bergan edi.