Qoraqalpog‘istonda kriptomayning uchun neft va gaz konlaridan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin

eʼlon qilindi
Hujjat loyihasi bo‘yicha taklif va e’tirozlar 3-iyungacha qabul qilinadi
Foto: reform.com

Qoraqalpogʻiston Respublikasida Besqala Mining Valley nomli maxsus kriptomayning zonasi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Tegishli loyiha Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, mazkur hudud rezidentlariga nafaqat elektr tarmoqlari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, balki rentabelligi past neft va gaz konlaridan ham foydalanish imkoniyati berilishi mumkin. Gap uglevodorodlarni yetkazib berish tizimi mavjud bo‘lmagan yoki eskirgan konlar haqida ketmoqda.

Yangi tizim doirasida faqat Qoraqalpog‘istonda ro‘yxatdan o‘tgan va maxsus ruxsatnoma olgan yuridik shaxslar kriptovalyuta mayningi bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi. Ruxsatnomalar 5 yil muddatga elektron shaklda beriladi.

Loyihada yashirin mayning, anonim kriptovalyutalarni qazib olish va noqonuniy kriptoaktivlardan foydalanish taqiqlanishi belgilangan. Shuningdek, iqtisodiy jinoyatlar, korrupsiya, kiberjinoyatlar yoki narkotik savdosi bilan bog‘liq sudlangan shaxslar bunday kompaniyalarga rahbar yoki ta’sischi bo‘la olmaydi.

Rezident kompaniyalar elektr energiyasini alohida hisoblagich orqali nazorat qilishi, xavfsizlik va sanitariya talablariga rioya etishi shart bo‘ladi. Qazib olingan kriptoaktivlarni esa milliy yoki xorijiy kriptobirjalarda sotishga ruxsat beriladi.

Hujjat loyihasi bo‘yicha taklif va e’tirozlar 3-iyungacha qabul qilinadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda ayrim hollarda kriptovalyuta to‘lovlariga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek