Toshkentda aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdosi aniqlandi

Toshkent shahrida aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini sotish bilan bog‘liq holatlar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaro xorijda ishlab chiqarilgan aksiz markasiz tamaki mahsulotini boshqa fuqaroga 85 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Tadbir davomida undan umumiy qiymati 53,7 mln so‘m bo‘lgan 52 turdagi 1 192 dona aksiz markasiz tamaki mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shunga o‘xshash yana bir holat Mirobod tumanida aniqlangan. Departamentning Mirobod tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro 23 turdagi 601 dona aksiz markasiz tamaki mahsulotini tanishiga 42,3 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Ushbu modda etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish bilan bog‘liq javobgarlikni nazarda tutadi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Bektemir tumani soliq inspeksiyasi xodimlari pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.