Kichik biznes uchun yangi qoidalar: 6 foizlik QQS, 0 foizlik foyda solig‘i va tekshiruvlarga «stop»

O‘zbekiston prezidentining yangi PF-100-sonli farmoni e’lon qilindi. Hujjat kichik biznes subyektlari uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish, soliq rejimini soddalashtirish hamda biznesning o‘sishini rag‘batlantirishni maqsad qilgan.
Yangi farmon tadbirkorlik faoliyatida nimalarni o‘zgartiradi? Quyida hujjatda belgilangan eng muhim islohotlar bilan batafsil tanishishingiz mumkin.
Mundarija
- Umumiy soliq rejimiga o‘tish mezoni o‘zgarmoqda
- QQS bo‘yicha mutlaqo yangi va soddalashtirilgan tartib
- Tekshiruvlar va jazo
- 2027-yildan kuchga kiradigan qo‘shimcha o‘zgarishlar
Umumiy soliq rejimiga o’tish mezonlari
2026-yil 1-iyundan boshlab soliq solishning umumbelgilgan tartibiga (QQS va foyda solig‘i) o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 12 000 baravari etib belgilanmoqda (taxminan 5 mlrd so‘m). Bu kichik korxonalarga uzoqroq vaqt davomida soddalashtirilgan tartibda qolish va o‘sish imkonini beradi.
Umumiy ovqatlanish va mehmonxona biznesi
2026-yil 1-iyundan boshlab ushbu soha vakillari uchun bir qator muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi:
- Mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi.
- Alkogol mahsulotlari xarid qilinganda, ularning raqamli markirovka kodlari ushbu korxonalarning o‘zidayoq yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb hisoblanadi.
- Umumiy ovqatlanish korxonalari ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tartibda, aynan o‘sha kunning o‘zida va muayyan muddatga rasmiylashtirishi hamda ish haqini to‘lashi mumkin bo‘ladi.
- Umumiy ovqatlanish subyektlariga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) bir qismini qaytarish tizimi o‘zgaradi. Endilikda tushumning naqd pulsiz shaklda kelib tushgan ulushidan qat’i nazar, to‘langan soliq summasining 40 foizi miqdorida qaytarib beriladi.
- Umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlariga tegishli bino va yer uchastkalariga tutash hududlardan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi Soliq kodeksi asosida aniqlanadigan yer solig‘ining bir baravari miqdorida o‘rnatiladi.
QQS bo‘yicha mutlaqo yangi va soddalashtirilgan tartib
Hujjat bilan 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-iyungacha bo‘lgan davrda asosiy faoliyati umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish bo‘lgan korxonalarga (davlat ulushi 50 foizdan yuqori korxonalar va yirik soliq to‘lovchilar bundan mustasno) ixtiyoriy ravishda QQS to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi berilmoqda.
Ushbu maxsus rejimning shartlari quyidagicha:
- QQS stavkasi 6 foiz etib belgilanadi (barcha realizatsiya qilingan tovar va xizmatlar aylanmasiga nisbatan).
- Foyda solig‘i stavkasi 0 foiz bo‘ladi va bu soliq bo‘yicha hisobot topshirish majburiyati butunlay bekor qilinadi.
- Sotib olingan tovar va xizmatlar bo‘yicha to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqi berilmaydi.
- Soliq to‘lovchiga mavjud QQS imtiyozlari, preferensiyalar va soliqning bir qismini qaytarish tartibi qo‘llanilmaydi. Shuningdek, QQSning mavjud salbiy farq summasi hisobdan chiqariladi.
- Mazkur tartibdagi tadbirkorlardan tovar va xizmat sotib olgan xaridorlarga QQS summasini hisobga olish huquqi saqlab qolinadi.
Tadbirkorlar ushbu tartibga o‘tish yoki undan voz kechish haqida xabarnoma yuborgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab yangi rejimga o‘ta oladilar. Agar ushbu rejimdan umumiy soliq tizimiga o‘tilsa, balansda qolgan tovar-moddiy zaxiralar va uzoq muddatli aktivlar tarkibidagi QQS summasini hisobga olishga ruxsat beriladi.
Tekshiruvlar va jazo
Soliq ma’muriyatchiligini shaffoflashtirish va inson omilini kamaytirish maqsadida quyidagi choralar ko‘rilmoqda:
- QQS to‘lovchisi guvohnomasi faqat hisobga olish uchun beriladi va jazo yoki ta’sir chorasi sifatida qo‘llanilmaydi. QQS guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish tartibi butunlay bekor qilinmoqda.
- O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali tovar import qiluvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda QQS to‘lovchisi deb e’tirof etish amaliyoti bekor qilinadi.
- 10 million so‘mgacha bo‘lgan QQS salbiy farq summasi arizasiz, avtomatik ravishda qaytariladi va bu bo‘yicha soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. 2027-yil 1-yanvardan esa xavf darajasi past bo‘lgan holatlarda QQS summasini qaytarishda inson omili ishtirokidan butunlay voz kechiladi.
- Kichik biznes subyektlariga soliq dasturlari aniqlagan xatolarni mustaqil tuzatish imkoni beriladi. Soliq xavfi summasi 500 million so‘mgacha bo‘lganda soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lganda esa sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilishi taqiqlanadi (2028-yil 1-yanvarga qadar).
- 2026-yil 1-iyuldan boshlab kameral tekshiruv talabnomasiga tushuntirish yoki tuzatish kiritilganda, tadbirkorning bankdagi hisobvaraqlari bilan bog‘liq operatsiyalarni qayta faollashtirish jarayoni to‘liq avtomatlashtiriladi.
2027-yildan kuchga kiradigan qo‘shimcha o‘zgarishlar
2027-yil 1-yanvardan boshlab soliq tizimida yana bir qator yengilliklar joriy etiladi:
- Alkogol mahsulotlarini chakana sotish hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan realizatsiya qilish huquqi uchun yig‘imlar yagona yig‘imga birlashtirilib, uning stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 10 foizi miqdorida etib belgilanadi.
- Jismoniy va yuridik shaxslar tadbirkorlarga umumiy maydoni 1000 kv.metrdan ortiq bo‘lgan mol-mulkni ijaraga berganda, soliq solish maqsadidagi eng kam ijara stavkalari qo‘llanilmaydi (Toshkent shahri bundan mustasno).
- Kichik biznes subyektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni ikki barobarga oshirgan holda chegirib tashlashga (вычет) ruxsat beriladi.
Farmon normalari, agar ularda kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, e’lon qilingan vaqtdan boshlab darhol kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Soliq» mobil ilovasi yangilangani va unda kiberxavfsizlik chorasi sifatida shaxsiy profilni ERI orqali firibgarlardan himoyalash hamda keshbeklar tahlili bo‘yicha yangi funksiyalar qo‘shilgani haqida yozgan edi.