AQShda FIFA’ga qarshi chipta narxlari boʻyicha tekshiruv boshlandi

AQShning Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlari prokuraturalari FIFAga nisbatan tekshiruv boshladi. Gap 2026-yilgi Jahon chempionati chiptalari narxi va oʻrindiqlar taqsimoti haqida bormoqda.
Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jeyms va Nyu-Jersi bosh prokurori Jennifer Devenport FIFAʼga soʻrov yuborgan. Ular MetLife stadionida oʻtadigan sakkizta oʻyin boʻyicha maʼlumotlarni talab qilmoqda. Ushbu stadionda JCh–2026 finali ham oʻtkaziladi. Final uchrashuvi 19-iyul kuni boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
Prokurorlar chiptalar narxi qanday shakllangani va oʻrindiqlar qanday taqsimlangani bilan qiziqmoqda. Ularning bayonotida musobaqa chiptalari narxi avvalgi mundiallarga nisbatan ancha yuqori ekani qayd etilgan.
FIFA 2026-yilgi turnirda ilk bor dinamik narxlash tizimidan foydalangan. Bu tizimda chipta narxi talabga qarab oʻzgaradi. Muxlislarning bir qismi qimmat chipta sotib olganiga qaramay, stadionda kutilganidan yomonroq joy olganidan shikoyat qilgan. Ayrim holatlarda oʻrindiqlar maydondan uzoqroq joylarga berilgani aytilmoqda.
Muammo FIFA chiptalar sotuvi boshlanganidan keyin Front Category nomli premium toifani joriy qilgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bu avval chipta olgan ayrim muxlislarning joylari orqaroqqa surilishiga olib kelgan.
FIFA prezidenti Janni Infantino chiptalar qimmatligini katta talab va oʻrinlar soni cheklangani bilan izohlagan. Letitsiya Jeymsning aytishicha, muxlislar qimmat narxlar tufayli bosim ostida qolmasligi kerak. Ular sotib olgan chiptasi boʻyicha vaʼda qilingan joyni olishiga ishonishi lozim.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh JCh–2026 uchun tarkibni eʼlon qilgani haqida xabar bergan edi.