Oʻzbekiston JSTga kirish boʻyicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunladi

Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo boʻlish boʻyicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari boʻyicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Urunovning ta’kidlanishicha, bu boradagi kelishuvlarga 2024-yildayoq erishilgan. Biroq protokol matni va texnik jihatlarni kelishish ma’lum vaqt talab etgan.
Shu bilan birga, Hindiston bozorga kirish masalalarida konstruktiv yondashuv ko‘rsatgan.
Urunov Hindistonga O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. U, shuningdek, O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev va Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pantning sa’y-harakatlarini alohida qayd etdi.
Avvalroq Oʻzbekiston JSTga a’zolik boʻyicha 11 ta davlat bilan muzokaralarni yakunlagan edi. Shu bilan kelishuvga erishilgan davlatlar soni 33 taga yetgan. 2025-yilda JST talablari va xalqaro me’yorlarga mos ravishda 68 ta qonunchilik hujjati yangilandi.
Prezident 2026-yilda JSTga toʻlaqonli a’zolikni rasmiylashtirish va qolgan muzokaralarni yakunlash boʻyicha topshiriqlar bergan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Azizbek Urunov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasiga rais boʻlgani haqida xabar bergan edi.