Yangiliklar

Oʻzbekiston JSTga kirish boʻyicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunladi

Kelishuvlar 2024-yildayoq erishilgan
Foto: Azizbek Urunov / linkedin

Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari boʻyicha vakili Azizbek Urunov maʼlum qildi.

Urunovning ta’kidlanishicha, bu boradagi kelishuvlarga 2024-yildayoq erishilgan. Biroq protokol matni va texnik jihatlarni kelishish ma’lum vaqt talab qilgan.

Shu bilan birga, Hindiston bozorga kirish masalalarida konstruktiv yondashuv ko‘rsatgan.

Urunov Hindistonga O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. U, shuningdek, O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev va Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pantning sa’y-harakatlarini alohida qayd etdi.

Avvalroq Oʻzbekiston JSTga aʼzolik boʻyicha 11 ta davlat bilan muzokaralarni yakunlagan edi. Shu bilan kelishuvga erishilgan davlatlar soni 33 taga yetgan. 2025-yilda JST talablari va xalqaro meʼyorlarga mos ravishda 68 ta qonunchilik hujjati yangilandi.

Prezident 2026-yilda JSTga toʻlaqonli aʼzolikni rasmiylashtirish va qolgan muzokaralarni yakunlash boʻyicha topshiriqlar bergan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Azizbek Urunov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasiga rais boʻlgani haqida xabar bergan edi.