UzChasysʼdagi davlat ulushi 333 mlrd soʻmga sotildi

UzChasys zavodidagi 70 foizlik davlat ulushi auksion orqali 332,9 mlrd soʻmga sotildi. Savdoda «Best Pipe and Parts» AJ gʻolib boʻldi.
Auksion 25-may kuni oʻtkazildi. Savdo 184,9 mlrd soʻmlik boshlangʻich narx bilan boshlangan. Jarayon 51 daqiqa davom etdi. Shu vaqt ichida 16 ta narx taklifi berildi. Yakuniy narx boshlangʻich qiymatdan 80 foiz yuqori boʻldi.
Bitim shartlariga koʻra, xaridor korxonaning asosiy faoliyat turini kamida 10 yil saqlab qolishi kerak. Shuningdek, ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish yoki sotish «Oʻzavtosanoat» bilan kelishiladi.
Agar xaridor besh ish kuni ichida toʻlovni amalga oshirmasa yoki shartnoma tuzishdan bosh tortsa, taklif keyingi ishtirokchiga oʻtadi. U ham rad etsa, lot qayta savdoga chiqariladi.
UzChasys Namangan viloyatining Davlatobod tumanida joylashgan. Korxona avtomobillar uchun yoritish chiroqlari ishlab chiqaradi. Zavod 2008-yilda Oʻzavtosanoat va Janubiy Koreyaning AMS Co Ltd kompaniyasi ishtirokida tashkil etilgan.
Majmua 4,14 gektar maydonni egallaydi. Sexlar va yordamchi binolarning umumiy maydoni 19,2 ming kvadrat metrni tashkil etadi. 2025-yil yakuniga koʻra, korxona 40,76 mlrd soʻm sof foyda olgan. Zavodda mingdan ortiq xodim ishlaydi.
Ma’lumot uchun, «Best Pipe and Parts» AJ 1996-yilda tashkil etilgan. Kompaniya avtomobillar uchun butlovchi qismlar va aksessuarlar ishlab chiqaradi. Korxona avval Uz-Dongwon Co nomi bilan faoliyat yuritgan. Uning ustav kapitali 297 mln soʻm.
«Best Pipe and Parts» soʻnggi yillarda avtomobil sanoatidagi bir nechta yirik aktivlarni sotib olgan. Xususan, 2025-yil fevralida «Avtokomponent» kompaniyasidagi 98,8 foiz ulushni 105 mlrd soʻmga xarid qilgan. Avgust oyida esa «Avto Climate Control» kompaniyasining 100 foiz ulushini 230 mlrd soʻmga sotib olgan.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda yil oxirigacha 35 trln soʻmlik davlat aktivlari sotuvga chiqarilgani haqida xabar bergan edi.