Mirziyoyev YOII bilan to‘siqlarsiz raqamli savdo makoni yaratishni taklif qildi

eʼlon qilindi
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida
Foto: prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston va YOII davlatlari o‘rtasida yagona raqamli savdo makonini shakllantirish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident nutqida bugungi global iqtisodiyotda raqamli texnologiyalar va logistika davlatlar raqobatbardoshligini belgilayotganini ta’kidladi.

«Bugungi kunda aynan raqamli texnologiyalar, zamonaviy logistik yechimlar va sanoat kooperatsiyasi ko‘p jihatdan davlatlarning raqobatdoshligi va bozorlar barqarorligini belgilamoqda», – dedi davlat rahbari.

Mirziyoyev O‘zbekiston uchun YOII mamlakatlari bilan amaliy hamkorlik tashqi iqtisodiy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolayotganini qayd etdi.

Davlat rahbari elektron tijoratni rivojlantirish, bojxona va veterinariya nazoratida raqamli ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, elektron hujjatlarni o‘zaro tan olish hamda «aqlli» transport yo‘laklarini yaratishni taklif qildi.

«O‘zbekiston va YOII davlatlari o‘rtasida to‘siqlarsiz savdoning yagona raqamli makonini shakllantirishga kirishishni muhim deb hisoblaymiz», – dedi prezident.

Nutqda sanoat kooperatsiyasi, robototexnika, energetika uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.

Bundan tashqari, prezident «yashil» sanoat transformatsiyasi dasturini ishlab chiqish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda mehnat migratsiyasi bo‘yicha yagona raqamli platforma yaratishni taklif qildi.

«Bu mamlakatlarimiz mehnat bozorlari ehtiyojlarini hisobga olish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va norasmiy bandlik xavflarini kamaytirish imkonini beradi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi YOII davlatlarini «Markaziy Osiyo turistik halqasi» tashabbusida ishtirok etishga chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Ostonada qanday kutib olingani haqida yozgandi.

Shuningdek