Donald Tramp Eron bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmadi — OAV

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan ehtimoliy kelishuv bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilgani yo‘q. Bu haqda The New York Times AQSh administratsiyasidagi yuqori martabali vakilga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Oq uyning vaziyatlar markazida Eron masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. U taxminan ikki soat davom etgan. Shundan so‘ng ham yakuniy qaror qabul qilinmagan.
AQSh administratsiyasida Vashington va Tehron kelishuvga yaqin ekani aytilmoqda. Biroq ayrim masalalar hanuz muhokama qilinmoqda. Ular orasida Eron aktivlarini muzlatishdan chiqarish masalasi ham bor. 29-may kuni Tramp Oq uydagi vaziyatlar markazida Eron bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinishini aytgan edi. U AQSh Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini bekor qilishini ham ma’lum qilgan.
Trampning fikricha, Hormuz bo‘g‘ozi darhol ochilishi kerak. U bo‘g‘oz orqali ikki yo‘nalishda ham cheklovsiz va hech qanday yig‘imlarsiz kemalar qatnovi tiklanishi lozimligini ta’kidladi. AQSh prezidenti Eronning boyitilgan yadroviy materiali yer ostidan chiqarib olinishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon Tehron va Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Keyin esa material yo‘q qilinadi.
Avvalroq Qozog‘iston Eron uran zaxiralarini qabul qilishi mumkinligi haqida yozgan edik.