Soliq qo‘mitasiga 375 mlrd so‘mlik soliq nizolari bo‘yicha shikoyat kelib tushdi

2026-yil 1-may holatiga ko‘ra, Soliq qo‘mitasiga soliq nizolarini sudgacha hal qilish bo‘yicha 82 ta shikoyat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar bo‘yicha umumiy summa 375,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shikoyatlarning asosiy qismi soliq auditi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu yo‘nalishda 59 ta murojaat kelib tushgan va ularning umumiy qiymati 294,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Sayyor soliq tekshiruvlari bo‘yicha esa 23 ta shikoyat ko‘rib chiqilgan. Ushbu murojaatlar summasi 80,7 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 ta murojaat bo‘yicha soliq to‘lovchining pozitsiyasi qisman qanoatlantirilgan. Bu murojaatlar bo‘yicha summa 0,6 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, 342,2 mlrd so‘mlik 71 ta murojaat bo‘yicha soliq xizmati organlari qarorlari o‘z kuchida qoldirilgan. Soliq to‘lovchilarga ushbu qarorlar bo‘yicha belgilangan tartibda tushuntirishlar berilgan.
Hozirda 32,3 mlrd so‘mlik 7 ta murojaat bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri 1-iyuldan banklar va mobil operatorlar yirik soliq to‘lovchi sifatida tan olinishi haqida yozgan edi.