Qozog‘istonda politsiya xizmatiga robot-itlar jalb qilindi

Qozog‘istonning Aqtau shahrida politsiya xizmatiga robot-itlar jalb qilindi. Bu haqda Polisia.kz xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur itlar jamoat joylarida tartibni kuzatadi, vaziyatni monitoring qiladi va huquqbuzarliklarning oldini olishga yordam beradi.
Robot-itlar videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Ular ma’lumotlarni real vaqt rejimida tezkor boshqaruv markaziga yuboradi.
Shuningdek, ular shubhali buyumlarni aniqlashi, tutun va yong‘in belgilarini qayd etishi mumkin. Bunday holatlarda robotlar favqulodda xizmatlarga avtomatik signal yuboradi.
Qozog‘iston IIVga ko‘ra, kelajakda robot-itlardan maxsus va aksilterror operatsiyalarida ham foydalanish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda gumanoid robot yugurish bo‘yicha rekord o‘rnatgandi. Robot murakkab burilishlarga ega bo‘lgan 1,9 kilometr masofani mustaqil ravishda 4 daqiqa 13 soniyada bosib o‘tdi. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, bu 2023-yil namunasi asosida takomillashtirilgan versiya hisoblanadi.