1-iyundan nodavlat oliygohlarda qabul boshlandi

O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yili uchun nodavlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari 1-iyundan boshlandi. Bu haqda Ta’lim xabarlari nashri ma’lum qildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, qabul kampaniyasi iyun – sentabr oylarida o‘tkaziladi.
Yangi talablarga muvofiq, nodavlat oliygohlar faqat maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni o‘qishga qabul qilishi mumkin. Akkreditatsiyadan o‘tmagan dasturlar bo‘yicha qabulga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, 2025-yil 1-avgustdan boshlab har bir nodavlat oliy ta’lim muassasasi uchun maksimal qabul kvotasi belgilangan. Kvotalar oliygohlarning moddiy-texnik bazasi, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda o‘quv-uslubiy ta’minoti asosida tasdiqlanadi.
Avvalroq muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasida nodavlat ta’lim tashkilotlariga qabulni yiliga ikki marta – 15-oktabr va 15-fevralgacha amalga oshirish taklifi ham ilgari surilgandi. Hozircha qabul amaldagi tartib asosida davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ayrim doktorantlarga oshirilgan stipendiya to‘lanishi haqida yozgandi.