To‘rt hududda 7 mlrd so‘mlik o‘g‘it talon-toroj qilindi

Qoraqalpog‘iston respublikasi, Xorazm, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida qariyb 7 mlrd so‘mlik mineral o‘g‘itlar talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bir nechta MChJ mas’ullari saqlovga qabul qilingan ammiakli selitra va ammoniy sulfat o‘g‘itlarini o‘zlashtirgan. Xususan, Qoraqalpog‘istonda 4,3 mlrd so‘mlik 1,5 ming tonna ammiakli selitra va 790,6 mln so‘mlik 276 tonna ammoniy sulfat talon-toroj qilingan.
Xorazmda 376,4 mln so‘mlik 126 tonna ammiakli selitra o‘zlashtirilgani aniqlangan. Buxoroning G‘ijduvon tumanida 760,1 mln so‘mlik 255 tonna ammiakli selitra va 272,1 mln so‘mlik 95 tonna ammoniy sulfat talon-toroj qilingan.
Sirdaryoda esa 200,7 mln so‘mlik 67,4 tonna ammiakli selitra o‘zlashtirilgan.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo va Jizzaxda 21 milliard so‘mdan ortiq mineral o‘g‘it talon-toroj qilingandi.