Fond bozori: «O‘zbekgeofizika» aksiyalari narxi 13 foizga oshdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 22-maydan 26-maygacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,47 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zbekgeofizika» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 13,51 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «BRB» (+12,48%) va «Kapital sug‘urta» aksiyalarida (+11,76%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «O‘ztransgaz» aksiyalari 8,97 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «SQB» (-8,50%) va «Trastbank» (-6,32%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Aloqabank», «Chilonzor buyum savdo kompleksi» va «O‘zbekko‘mir» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 19 tasi haftani ijobiy, uchtasi o‘zgarishsiz va 16 tasi salbiy natija bilan yakunladi.
Eslatib o‘tamiz, 15-maydan 22-maygacha bo‘lgan davrda UCI fond indeksi 1,34 foizga oshgandi. Ushbu davr mobaynida «Garant bank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 7,69 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zbektelekom» (+5,69%) va «BRB» aksiyalarida (+5,13%) ham o‘sish qayd etildi.