Xayr, eskicha boshqaruv: Kino sohasidagi komissiya va kengashlar tugatiladi

Kino sanoatini boshqarish tizimi tubdan o‘zgartirilib, Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar faoliyati tugatiladi hamda ularning o‘rniga film janri va mavzusiga qarab mutaxassis ekspert guruhlari tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ekspertlar tarkibi O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi va Bastakorlar uyushmasi tavsiyasi asosida shakllantiriladi.
Shuningdek, 1-sentabrdan davlat buyurtmasi asosida filmlar yaratishda targ‘ibot va reklama xarajatlari uchun film budjetining 30 foizigacha mablag‘ ajratiladi. Xarid shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish talabi bekor qilinadi. Bundan tashqari, xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston hududida kino mahsulotlari yaratish bilan bog‘liq faoliyati soliqlardan ozod etiladi.
Yangi rag‘batlantirish tizimiga ko‘ra, davlat buyurtmasi asosida suratga olingan filmlar namoyishidan tushgan mablag‘larning 50 foizi prodyuserlar va ijodiy guruhlarga qo‘shimcha mukofot sifatida beriladi. O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etiladigan «Oltin humo» milliy kino taqdimotining nufuzini oshirish maqsadida esa har yili 5 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Yaqin yillarda madaniyat va san’at sohasida qo‘shilgan qiymatni oshirish orqali kreativ iqtisodiyot hajmini 145 trln so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda sohaning huquqiy bazasi yaratilib, Kreativ industriya parki rezidentlari uchun alohida soliq rejimi joriy etildi. Shayxontohur tumani va Nukus shahrida yirik kreativ parklar qurilishi boshlangan bo‘lsa, Toshkent shahrida sentabr oyida Zamonaviy san’at markazi ishga tushiriladi.
Shuningdek, milliy mahsulotlarda zamonaviy dizayn elementlarini kengroq qo‘llash maqsadida hunarmandlarning xalqaro ko‘rgazmalardagi ishtiroki kengaytiriladi. Yevropa, AQSh, Janubiy va Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharq mamlakatlarida nufuzli dizaynerlar bilan hamkorlikdagi ko‘rgazmalar soni oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekfilm»ga milliy maqom berilib, markaziy kinokonsernga aylantirilishi haqida xabar bergan edik.