Xitoyda noqonuniy shaxta qulashi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi

Xitoy janubi-g‘arbidagi Yunnan provinsiyasida noqonuniy shaxta qulab tushdi. Hodisa oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda «Sinxua» agentligi.
Xabarga ko‘ra, voqea Syuytszin shahar okrugidagi Hutsze uyezdi qishlog‘ida yuz bergan. Shaxta tunda qulagan. Hodisa joyiga favqulodda vaziyatlar xizmati, jamoat xavfsizligi xodimlari, o‘t o‘chiruvchilar va shifokorlar yetib borgan.
Qulash vaqtida shaxta ichida olti kishi bo‘lgan. Ularning besh nafari halok bo‘lgan, yana bir kishi jarohat olgan. Jarohatlangan fuqaro shifoxonaga yotqizilgan. Uning hayoti xavf ostida emasligi aytilmoqda. Hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyning Shansi provinsiyasidagi ko‘mir konida yuz bergan yirik avariya haqida yozgan edi.
23-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 holatiga ko‘ra, hodisa oqibatida 82 kishi halok bo‘lgan, yana 9 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Jami 123 nafar konchi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonalarga yetkazilgan.
DW ma’lumotlariga ko‘ra, portlash vaqtida yer ostida jami 247 kishi bo‘lgan. Ushbu halokat Xitoy tog‘-kon sanoatida so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik fojialardan biri bo‘lishi mumkin.