Freedom yagona brend ostida faoliyat yuritadi

Qozog‘istonda joylashgan Freedom Holding Corp. kompaniyasi barcha biznes yo‘nalishlarini yagona Freedom brendi ostida birlashtirishini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Rebrending kompaniyaning raqamli ekotizimini yanada rivojlantirish va turli xizmatlarni yagona brend atrofida jamlash strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, endilikda logotiplarda «Bank», «Broker» va boshqa qo‘shimcha nomlardan foydalanilmaydi. Guruh tarkibidagi barcha kompaniyalar bosqichma-bosqich yagona vizual uslub va kommunikatsiya modeliga o‘tadi.
Freedom hozirda moliyaviy, sug‘urta, telekommunikatsiya, elektron tijorat va boshqa raqamli xizmatlarni o‘z ichiga olgan ekotizimni shakllantirgan. Xoldingning faoliyati 21 ta davlatni, jumladan O‘zbekistonni ham qamrab oladi.
Kompaniya bosh ijrochi direktori Timur Turlovning ta’kidlashicha, yagona brendga o‘tish mijozlar uchun xizmatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada tushunarli qiladi.
«Bank, brokerlik, sug‘urta yoki lifestyle xizmatlaridan foydalanayotgan mijoz yagona yondashuv, sifat standartlari va foydalanuvchi tajribasini his qilishi kerak», — dedi Turlov.
Rebrending Freedom’ning xalqaro bozorlardagi pozitsiyasini mustahkamlash, xizmatlar tan olinishini oshirish va ekotizimni yangi mamlakatlarda kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Freedom Holding Corp. aksiyalari AQShning FRHC tickeri ostida Nasdaq birjasida savdo qilinadi. Xolding tarkibida 11 mingdan ortiq xodim faoliyat yuritadi.
O‘zbekistonda xoldigga tegishli Freedom Broker va Freedom Pay kompaniyalari ishlaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Freedom Holding Corp. ChessBase global shaxmat platformasini sotib olgani haqida yozgandi.