Mirziyoyev va Putin O‘zbekistondagi AES qurilishiga rasman start beradi

Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston hududida atom elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimida ishtirok etadi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 4-iyun kuni Sankt-Peterburg shahrida Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazadi. Uchrashuv davomida ikki davlat rahbari videokonferensiya formatida O‘zbekistondagi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energiya blokini qurishga rasman start beradi.
Shuningdek, Mirziyoyev 4 – 5-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (SPIEF)da ham qatnashadi. Forum yalpi majlisida O‘zbekiston rahbari bilan bir qatorda Tanzaniya prezidenti Samia Suluhu Hassan, Xitoy Xalq Respublikasi raisi o‘rinbosari Xan Chjen hamda Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saudning chiqishlari kutilmoqda.
Avvalroq Jizzax viloyatining Forish tumanida AES qurilishi uchun dastlabki betonlash ishlari boshlangan edi. Loyiha Rossiyaning Rosatom kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Unda jami 900 m³ beton yotqizilishi va poydevor gidroizolyatsiya va yerga ulash tizimi bilan jihozlanishi rejalashtirilgan edi.
Yangilangan loyiha bo‘yicha atom elektr stansiyasi to‘rtta energiya blokidan iborat bo‘ladi. Stansiya ishga tushirilgach, yiliga qariyb 15,4 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi rejalashtirilgan. Bu mamlakatdagi umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining 15 foizdan ortig‘iga teng bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda AES uchun mo‘ljallangan birinchi ikkita kichik AES reaktorlari narxi 1 milliard dollarga baholangan edi.