“Navoiyazot” yonida 1 milliard dollarlik 10 ta yangi kimyo loyihasi ishga tushiriladi

eʼlon qilindi
Xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatlari kengaytiriladi
«Navoiyazot» yonida 1 milliard dollarlik 10 ta yangi kimyo loyihasi ishga tushiriladi / Foto: Navoiyazot

«Navoiyazot» hududida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan umumiy qiymati $1 mlrdlik 10 ta yangi kimyo loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident raisligidagi kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Unda mamlakatda yiliga 1,5 mln tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilishi va buning uchun 1,07 mlrd kub metr gaz sarflanayotgani qayd etildi. Ta’kidlanishicha, rivojlangan davlatlar qishloq xo‘jaligida karbamid va suvda eruvchan o‘g‘itlardan, tog‘-kon sanoatida esa g‘ovaksimon selitradan keng foydalanishga o‘tmoqda.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, ammiakli selitra bilan tannarxi deyarli bir xil bo‘lgan g‘ovaksimon selitra ishlab chiqarilganda qo‘shilgan qiymat ikki baravar yuqori bo‘ladi. Shu bois mutasaddilar va kimyo korxonalari rahbarlariga yuqori rentabelli loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda «Navoiyazot» faoliyati misolida xomashyoni chuqur qayta ishlash imkoniyatlari ham tilga olindi. Korxonada ishlab chiqariladigan bir tonna sian tuzi $3,7 mingga baholansa, undan yelim ishlab chiqarilganda mahsulot qiymati $8 minggacha yetishi mumkinligi qayd etildi. Shu munosabat bilan «Navoiyazot» yonidagi klaster hududida umumiy qiymati $1 mlrdlik 10 ta kam tonnali kimyo loyihasini boshlash topshirildi.

Shuningdek, geologik zaxiralardan samarali foydalanish orqali qo‘shilgan qiymatni bir necha baravar oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida 550 mln tonna natriy va kaliy hamda 20 mln tonna bentonit zaxiralari mavjud. Ushbu xomashyo qayta ishlanib, kaustik soda ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymat uch baravar ortishi mumkin.

Bundan tashqari, Jizzax viloyatida 1,5 mln tonna va Qoraqalpog‘istonda 500 ming tonna serpentinit zaxirasi aniqlangan. Ushbu xomashyoga sulfat kislotasi bilan ishlov berish orqali tonnasi $5 minggacha bo‘lgan magniy oksidi ishlab chiqarish mumkin. Serpentinitni yanada chuqur qayta ishlash esa elektrotexnika sanoati uchun muhim bo‘lgan nikel, xrom va kobalt olish imkonini beradi.

Yig‘ilish yakunida mas’ullarga fosforit, galit, mirabilit va serpentinit kabi kimyo sanoati uchun zarur xomashyo zaxiralarini ikki baravar oshirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish hamda serpentinitni qayta ishlash yo‘nalishida kamida $200 mlnlik loyihalarni boshlash vazifasi yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kimyo mahsulotlari importi yiliga 4,5 milliard dollarga yetgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek