
Oppo Reno 16 Pro smartfoni taqdimotidan oldin yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi. Sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, model kamera, ekran va batareya bo‘yicha sezilarli yangilanishlarga ega bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oppo Reno 16 Pro 6,32 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlanadi. Ekran 1,5K aniqlik va 144 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Displey Gorilla Glass 7i himoya oynasi bilan qoplanishi mumkin. Smartfon ixcham korpusga ega bo‘lishi aytilmoqda. Shu bilan birga, u kuchli texnik imkoniyatlarni taklif qiladi. Qurilma MediaTek Dimensity 8550 platformasi asosida ishlashi kutilmoqda.
Reno 16 Pro modelining asosiy e’tibori kamera tizimiga qaratiladi. Smartfon optik barqarorlashtirishga ega 200 MP asosiy sensor olishi mumkin. Bu modul yuqori aniqlikdagi suratlar va barqaror video yozish imkonini berishi kutilmoqda.
Smartfonda 50 MP ultra keng burchakli kamera ham kutilmoqda. Old kamera ham 50 MP bo‘lishi mumkin. Bu esa Reno 16 Pro modelni selfi va videoaloqa bo‘yicha kuchli modellardan biriga aylantiradi. Qurilma 6700 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanishi mumkin. U 80 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday batareya ixcham korpusli smartfon uchun muhim ustunlik bo‘lishi mumkin.
Bazaviy Oppo Reno 16 modeli ham umumiy dizaynni saqlab qoladi. Biroq u 6,32 dyuymli, 120 Hz yangilanish chastotasiga ega ekran bilan chiqishi mumkin. Ushbu model Snapdragon 7 Gen 4 chipi asosida ishlashi aytilmoqda.
Reno 16 modeli 6000 mA/soat batareya bilan jihozlanishi mumkin. Quvvatlash tezligi esa Pro versiyadagi kabi 80 W bo‘lishi kutilmoqda. Hozircha Oppo Reno 16 va Reno 16 Pro‘ning rasmiy taqdimot sanasi e’lon qilinmagan. Shuningdek, texnik xususiyatlar kompaniya tomonidan rasman tasdiqlanmagan.
Avvalroq «Kursiv» Oppo Reno 16 va Reno 16 Pro smartfonlari qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.