Buxoroda o‘rik qoqisi orasiga yashirilgan 13 kilogramm geroin fosh etildi

eʼlon qilindi
Geroinning qora bozordagi qiymati $1,5 mlngacha baholanmoqda
Buxoroda o‘rik qoqisi orasiga yashirilgan 13 kilogramm geroin fosh etildi / Foto: Bojxona qo‘mitasi

Buxorodagi «Olot» chegara-bojxona postida o‘rik qoqisi yukiga yashirilgan qariyb 13 kilogramm geroinning Afg‘onistondan Rossiyaga noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 30-may kuni «Olot» chegara-bojxona posti orqali harakatlangan mazkur transport vositasi inspeksion ko‘rik majmuasida tekshirilgan. Rentgen tasvirlarini tahlil qilish jarayonida bojxona xodimlari yuk tarkibidagi shubhali holatlarni aniqlagan.

Shundan so‘ng tirkamadagi 18,6 tonna qadoqlangan o‘rik qoqisi belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida batafsil ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv davomida 13 ta qog‘oz quti ichida o‘rik qoqisiga o‘xshatib tayyorlangan hamda mahsulotlar orasiga yashirilgan moddalar borligi aniqlangan.

Ekspert-kriminalistika xulosasiga ko‘ra, ushbu moddalar umumiy og‘irligi qariyb 13 kilogramm bo‘lgan geroin giyohvandlik vositasi ekanligi tasdiqlangan. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, musodara qilingan geroinning qora bozordagi qiymati 1,5 mln dollargacha baholanmoqda.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon respublika bojxonachilari 363 ta holatda qariyb 1,7 tonna giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib o‘tilishi va yashirin aylanmasiga chek qo‘ygan. Olib qo‘yilgan narkotik moddalar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 461 kilogrammga ko‘paygan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 2 kg gashish va 5600 dona dori vositasi musodara qilingan edi.

Shuningdek