O‘zbekiston Hindistonda tibbiy ta’lim sifati bo‘yicha yetakchi bo‘ldi

Hindistonda xorijiy tibbiyot oliygohlari bitiruvchilari uchun o‘tkazilgan imtihon (FMGE) natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston eng yuqori natijani qayd etdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Hindiston Milliy imtihon kengashi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston tibbiyot universitetlarini tamomlagan hind talabalarning 40,37 foizi imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan. Bu ko‘rsatkich diplomlari Hindistonda tan olinadigan davlatlar orasida eng yuqori natija bo‘ldi.

Reytingda Bangladesh 34,45% bilan ikkinchi, Gruziya esa 32,36% bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Rossiya 30,94%, Qozog‘iston esa 29,33% natija qayd etdi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Ushbu oliygoh bitiruvchilari 42 foizlik natija ko‘rsatib, xorijiy tibbiyot universitetlari orasidagi eng yuqori individual ko‘rsatkichlardan biriga erishdi.
Hindistonning MD House ta’lim kompaniyasi ushbu natija O‘zbekiston tibbiyot universitetlariga bo‘lgan ishonchni yanada oshirishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tibbiy jihozlar ishlab chiqarish yangi tartib asosida tekshirilishi xabar qilingandi. Yangi tartibga ko‘ra, tibbiy jihozlarning ishlab chiqarish sharoitlari ISO 13485 xalqaro standarti bilan uyg‘unlashtirilgan milliy standart talablariga muvofiqligi bo‘yicha inspeksiyadan o‘tkaziladi. Inspeksiya tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida amalga oshiriladi.