O‘zbekiston Kanadaga mag‘lub bo‘ldi va milliy terma jamoaning yakuniy tarkibi e’lon qilindi — 2-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar

O‘zbekiston Kanadaga mag‘lub bo‘ldi va milliy terma jamoaning yakuniy tarkibi e’lon qilindi — 2-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yinida Kanadaga mag‘lub bo‘ldi

Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida turnir mezbonlaridan biri Kanada mehmoni bo‘ldi. Bahsda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning dastlabki bo‘limida, asosan, teng kurashlar ostida kechdi. Eldor Shomurodov darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib borib, qulay imkoniyatdan foydalana olmadi. Qo‘pol o‘yini uchun Aziz G‘aniyev va Farrux Sayfiyevga sariq kartochka ko‘rsatildi.
Xatolarni Jahon chempionatida emas, shunday o‘rtoqlik o‘yinlarida qilgan yaxshiroq — Fabio Kannavaro

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng matbuot anjumanida qatnashib, o‘yin va bo‘lajak Jahon chempionati haqida fikr bildirdi.
«Har qanday uchrashuvlarda, albatta, xatolar bo‘ladi. Xatolarni 10 kundan keyingi o‘yinlarda emas, aynan mana shunday o‘rtoqlik o‘yinlarida qilgan yaxshiroq», – dedi Kannavaro.
Shuningdek, u sovuq ob-havoga qaramay kelgan muxlislarga minnatdorchilik bildirdi. Bo‘lajak Jahon chempionati haqida to‘xtalgan murabbiy guruhdagi raqiblarning kuchini yuqori baholadi.
Dollar tushdi: 3-iyun uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

3-iyun uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 14,39 so‘mga tushib, 11 934,64 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 25,12 so‘mga tushib, 13 896,69 so‘mni, rubl esa 2,14 so‘mga tushib, 164,14 so‘mni tashkil qildi.
Tadbirkorlarga garovsiz mikrokredit miqdori 200 mln so‘mgacha oshiriladi

1-iyuldan ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshiriladi. Bu haqda prezidentning kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga oid qarorida keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, 1-iyulgacha kredit arizasi berish va bir nechta bank takliflarini olish imkonini beruvchi raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi.
Banklarda avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari yana pasaydi

1-iyun holatiga ko‘ra, tijorat banklarida amal qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Mazkur davrda mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,3 foizdan 21,7 foizga tushdi. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarz va kredit kartalaridan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 22,9 foizni, yuridik shaxslar ulushi ham 22,9 foizni ko‘rsatmoqda.
May oyida UzNIF aksiyalari bilan O‘zbekistonda 1 mln dollarlik bitimlar tuzildi

May oyida O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) aksiyalari Main Board savdo maydonchasida eng faol qimmatli qog‘oz bo‘ldi. Ular bilan 12,2 mlrd so‘mlik, ya’ni qariyb $1 mln hajmida bitimlar amalga oshirildi.
2026-yil may oyida Toshkent Respublika fond birjasida aksiyalar savdosining umumiy hajmi 243,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Oy davomida jami 60,1 mingta bitim tuzilgan.
Qirg‘izistonda nosvoyni to‘liq taqiqlash taklif qilindi

Qirg‘izistonda 2040-yilgacha mo‘ljallangan demografik siyosat konsepsiyasi doirasida nosvoy savdosi va iste’molini to‘liq taqiqlash, shuningdek, alkogol hamda tamaki mahsulotlari savdosiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etish rejalashtirilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, alkogol va sigaret xarid qilish uchun minimal yoshni 20 – 21 yoshgacha oshirish, ularning tungi vaqtda hamda internet orqali sotilishini cheklash taklif etilgan. Bundan tashqari, tamaki va alkogol mahsulotlariga aksiz soliqlarini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
UzSungwoo’ning davlat ulushi 585,8 mlrd so‘mga sotildi

1-iyun kuni auksionda UzSungwoo’ning 50 foizlik davlat ulushi 585,8 milliard so‘mga sotildi. Bu haqda E-auksion saytida ma’lum qilindi. Savdolar davomida lot narxi boshlang‘ich qiymatga nisbatan 50 foizga oshgan.
Auksion g‘olibi avtomobillar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi Roodell bo‘ldi. Bitim bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti asosida amalga oshirilgan.
O‘zbekiston terma jamoasining yakuniy 26 kishilik tarkibi e’lon qilindi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining FIFAga taqdim etilgan 2026 yilgi jahon chempionati uchun yakuniy qaydnomasi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.
E’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, terma jamoaning yakuniy tarkibidan 26 nafar futbolchi o‘rin oldi. Qaydnomaga mahalliy chempionat vakillari bilan bir qatorda Angliya, Turkiya, Eron va BAA klublarida faoliyat yuritayotgan legionerlar ham kiritilgan.
Paxtachida elektromoped kanalga tushib ketishi oqibatida 4 nafar bola halok bo‘ldi

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida elektromopedning «Narpay» kanaliga tushib ketishi oqibatida 4 nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hodisa 31-may kuni soat 20:25 da Paxtachi tumani «Ukrach» MFY hududidan oqib o‘tuvchi «Narpay» kanalida sodir bo‘lgan. «112» tizimi orqali kelib tushgan xabarda yuk tashishga mo‘ljallangan elektromoped haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, unda bo‘lgan fuqarolar bilan birga kanalga tushib ketgani bildirilgan.