O‘zbekistonda kredit olish uchun yagona onlayn platforma ishga tushiriladi

O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun kredit olish jarayonini soddalashtirish maqsadida yagona raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi. Bu haqda prezident qarorida keltirib o‘tildi.
Yangi tizim orqali biznes vakillari bitta ariza yuborib, bir nechta banklarning kredit takliflarini bir joyda qabul qilishi va ularni o‘zaro taqqoslashi mumkin bo‘ladi.
Platforma 2026-yil 1-iyulgacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Unda kichik va o‘rta biznes subyektlariga oid ma’lumotlar Raqamli hukumat tizimi orqali shakllantiriladi va banklarga taqdim etiladi. Shundan so‘ng moliya muassasalari tadbirkorlarga o‘z kredit va moliyaviy xizmatlar takliflarini yuboradi.
Yangi tizimning asosiy maqsadi kichik va o‘rta biznesning moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir. 2030-yilgacha ushbu sektorga ajratiladigan kreditlar hajmini uch baravarga oshirish va uning iqtisodiyotdagi ulushini 20 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, joriy yil 1-dekabrdan boshlab sun’iy intellekt asosidagi muqobil skoring tizimi joriy etiladi. U kredit oluvchilarning to‘lov qobiliyatini 71 turdagi ma’lumotlar bazasi asosida baholaydi. Baholashda kredit tarixi, daromadlar, mol-mulk, bank operatsiyalari, kommunal to‘lovlar, ijtimoiy ta’minot va boshqa ko‘rsatkichlar hisobga olinadi.
Bundan tashqari, banklar tomonidan mahallalarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib biznes g‘oyalar ishlab chiqishga ko‘maklashuvchi sun’iy intellektga asoslangan maslahatchi dasturlar ham joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tadbirkorlarga garovsiz mikrokredit miqdori 200 mln so‘mgacha oshirilishi haqida yozgandi.