Qashqadaryo va Sirdaryoda yangi o‘g‘it ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi

Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida umumiy qiymati $514 mlnlik yangi o‘g‘it ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Unda mintaqada maishiy kimyo mahsulotlari bozorining hajmi $2 mlrdga yetishi qayd etildi. Ta’kidlanishicha, «Angren» erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan korxona dunyoga mashhur «Henkel» kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hozirda kompaniya ushbu korxonani sotib olib, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni MDH davlatlariga eksport qilmoqchi.
Bunday loyihalarni ko‘paytirish maqsadida poytaxtdagi sanoat zonalaridan biridagi maydonlar maishiy kimyo yo‘nalishidagi loyihalar uchun ajratiladi. Shuningdek, ishga tushirilgan korxonalarni brendi bilan birga tayyor daromadli biznes sifatida xususiy sektorga sotish sharti bilan loyihalarga $50 mln mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Hududlardagi shunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun esa Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasi hisobidan $15 mln ajratiladi.
Yig‘ilishda mutasaddilarga maishiy kimyo yo‘nalishida kamida 100 ta yangi brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, mineral o‘g‘itlar bozoridagi istiqbollar ham muhokama qilindi. Tahlillarga ko‘ra, dunyoda mineral o‘g‘itlarga talab har yili o‘rtacha 5 foizga oshib, 2030-yilga borib $260 mlrddan ortadi. Ayniqsa, zamonaviy agrotexnologiyalar rivojlanishi hisobiga suvda eruvchan o‘g‘itlarga ehtiyoj keskin ortayotgani ta’kidlandi.
Investorlar bilan Qashqadaryo viloyatida yillik quvvati 230 ming tonna bo‘lgan $114 mlnlik, Sirdaryo viloyatida esa $400 mlnlik loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Umuman, yaqin uch yil ichida soha mas’ullari va hokimlar oldida umumiy qiymati $2,8 mlrdlik 42 ta loyihani ishga tushirish vazifasi turgani qayd etildi.
Mazkur loyihalar natijasida 2030-yilga borib azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmini 2,8 mln tonnadan 4 mln tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 400 ming tonnadan 900 ming tonnaga hamda suvda eruvchan o‘g‘itlarni 100 ming tonnadan 400 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Navoiyazot» yonida umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 10 ta yangi kimyo loyihasi amalga oshirilishi haqida xabar berilgan edi.