Qirg‘izistonda og‘ir yuk mashinalari harakatiga cheklovlar joriy etiladi

Yoz mavsumidagi yuqori harorat tufayli Qirg‘izistonda og‘ir yuk mashinalari harakatiga vaqtinchalik cheklovlar qo‘llanadi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan boshlab yoz mavsumi yakuniga qadar havo harorati +28 darajadan yuqori bo‘lgan kunlarda yuk avtomobillari harakati kunduzi cheklanadi.
Mazkur tartib, ayrim istisnolardan tashqari, to‘liq ruxsat etilgan og‘irligi 18 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk transport vositalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Cheklovlardan ko‘zlangan asosiy maqsad yo‘l qoplamalarini yuqori haroratning salbiy ta’siridan himoya qilish hamda ularning xizmat muddatini uzaytirishdan iborat.
Shu munosabat bilan Qirg‘iziston hududi orqali qatnovni amalga oshiruvchi milliy tashuvchilar va logistika kompaniyalariga yuk tashish yo‘nalishlari hamda yetkazib berish muddatlarini rejalashtirishda ushbu cheklovlarni inobatga olish tavsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdan Issiqko‘lga mavsumiy avtobuslar qatnay boshlagani haqida yozgan edik.