6 ta subyektda 8 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilish aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish bo‘yicha 6 ta subyektda qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Aniqlangan holatlar qiymati 8 mlrd so‘mdan oshgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganishlar davomida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori talablariga rioya qilinmagani aniqlangan. Shundan so‘ng xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli qaror va ko‘rsatmalar berilgan.
Qashqadaryo viloyatida «Koson yog‘ kombinati» MCHJ bo‘yicha qonunbuzilish holati aniqlandi. Korxona 7 ta holatda birja savdolariga qo‘yilishi kerak bo‘lgan o‘simlik yog‘i, paxta sheluxa va paxta shroti mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotgan. Natijada 91 mln so‘mdan ortiq daromad olgani ma’lum bo‘lgan.
Maxsus komissiya korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Asossiz olingan daromad qayta hisob-kitob qilindi.
Namanganda 2,4 mlrd so‘mlik sement birjadan tashqari sotilgan
Namangan viloyatida «Pop sement» MCHJ 2026-yil birinchi choragida ishlab chiqarilgan sementning kamida 50 foizini birja orqali sotish talabiga amal qilmagani aniqlandi. Korxona 4,3 ming tonna sementni 2,4 mlrd so‘mdan ortiq qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgan.
Mazkur holat yuzasidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Maxsus komissiya tomonidan moliyaviy jarima qo‘llandi. Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Samarqand viloyatida «Humo Agro Platinum» MCHJ va «Zomin Ishonch» MCHJ faoliyatida ham qonunbuzilish holatlari qayd etildi. Ular Jamg‘arma orqali birjadan xarid qilingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan un mahsulotlarini belgilangan muddat va hajmda birjaga qo‘ymagan.
Ushbu subyektlarga nisbatan ham ish qo‘zg‘atildi. Ish yakuni bo‘yicha qonuniy ta’sir choralari qo‘llanildi.
Surxondaryo viloyatida «Surxondaryodonmahsulotlari» AJ bo‘yicha qonunbuzilish aniqlangan. Korxona Jamg‘armadan birja orqali sotib olingan 485 tonna 3-sinf bug‘doydan ishlab chiqarilishi kerak bo‘lgan 364 tonna unni birjaga qo‘ymagan.
Bundan tashqari, korxona 375 tonna 1-sort unni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport shartnomasi asosida 1,2 mlrd so‘mdan ortiq qiymatda sotgani ma’lum bo‘lgan. Maxsus komissiya korxonaga nisbatan qaror qabul qildi. Unga moliyaviy jarimani ixtiyoriy to‘lash va qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Toshkent shahrida «Shavkat Business Agro» MCHJ, «Export Gold Agro» MCHJ va «Flour Asia» MCHJ faoliyatida qonunbuzilish alomatlari aniqlangan. Ular Jamg‘armadan birja orqali xarid qilingan bug‘doyni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni birjaga qo‘ymasdan, bug‘doyni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgani aytilmoqda.
Mazkur subyektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Ishni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha Maxsus komissiya tomonidan qonuniy qaror qabul qilinadi.
Eng yirik qonunbuzilish Toshkent viloyatida aniqlandi
Toshkent viloyatida esa «O‘zbekko‘mir» AJ faoliyati bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Unda korxona 2026-yil aprel oyida birja savdolariga qo‘yilgan ko‘mir mahsulotini tasdiqlangan grafikdagi muddat va hajmlarda joylashtirmagani aniqlandi.
Qo‘mitaga ko‘ra, reja-jadval buzilishi va manipulyatsiya harakatlari natijasida 4,3 mlrd so‘mdan ortiq mahsulot realizatsiya qilingan. Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi «O‘zbekko‘mir» AJga qonunbuzilishni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Avvalroq «Kursiv» Sirdaryo va Jizzaxdagi tibbiyot muassasalari asossiz olingan 440 mln so‘mni qaytarishi haqida yozgan edi.