Tojikistonda havo shari qulashi oqibatida bir nafar o‘zbekistonlik jarohatlandi

Tojikistonning Xo‘jand shahrida kuchli shamol oqibatida havo shari nazoratdan chiqib, bir nechta uylarga urilishi oqibatida uch kishi jarohat oldi. Ulardan biri O‘zbekiston fuqarosi, deya xabar bermoqda Asia plus.
Voqea 1-iyun kuni kechqurun Kamoli Xo‘jandiy nomidagi teatr yaqinida sodir bo‘lgan. Havo shari «Farovon» kompaniyasi tomonidan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan olib kelingan. Shar kuchli shamol va yetarlicha mustahkamlanmaganligi sababli boshqaruvdan chiqib ketgan.
Xo‘jand shahar 1-sonli shifoxonasining ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan so‘ng ikki nafar jabrlanuvchi tibbiy muassasaga olib kelingan. Ular 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Rustam Sidaliev hamda Xo‘jand shahrida yashovchi 40 yoshli Firuza Tursunova ekani bildirildi.
Ma’lum qilinishicha, Rustam Sidaliev havo shari ichida bo‘lgan va tros uzilib ketgach yerga qulagan. Firuza Tursunova esa havo shari yaqinida bo‘lgan paytda uzilgan tros zarbasi natijasida jarohat olgan. Uning 10–11 yoshlar atrofidagi qizi ham voqea joyida bo‘lib, yengil tan jarohati olgan.
Shuningdek, A. Rasulov ko‘chasida yashovchi ikki nafar fuqaroning uylari tomi havo shari qulashi oqibatida shikastlangan. Havo shari tegishli bo‘lgan kompaniya yetkazilgan zararni bartaraf etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buryatiyadagi qurilishda bir nafar o‘zbekistonlik yettinchi qavatdan qulab vafot etgan edi.