Yevropa Ittifoqi Microsoft va Google’ni davlat tenderlaridan cheklashi mumkin

eʼlon qilindi
Loyiha Yevropa bozorlarining AQSh texnologik gigantlariga qaramligini kamaytirishga qaratilgan
Yevropa Ittifoqi Microsoft va Google’ni davlat tenderlaridan cheklashi mumkin
Foto: akub Porzycki/NurPhoto

Yevropa Ittifoqi Microsoft va Google’ni davlat tenderlaridan cheklashi mumkin. Bu haqda Reuters ma’lumotiga tayanib DW xabar bermoqda.

Nashrga ko‘ra, Yevrokomissiya «Bulut texnologiyalari va sun’iy intellektni rivojlantirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini tayyorlagan. Hujjat 4-iyun kuni Yevroparlamentga taqdim etilishi kutilmoqda. Loyiha Yevropa bozorlarining AQSh texnologik gigantlariga qaramligini kamaytirishga qaratilgan. Ayniqsa, energetika, bank, sog‘liqni saqlash va boshqa strategik sohalar e’tiborga olingan.

Yangi tartibga ko‘ra, Google, Amazon va Microsoft kabi kompaniyalar strategik sohalardagi bulut xizmatlari bo‘yicha davlat tenderlariga kirishda cheklovlarga duch kelishi mumkin.

Yevrokomissiya bulut xizmatlari yetkazib beruvchilari uchun maxsus talablar joriy etishni taklif qilmoqda. Muhim mezonlardan biri uchinchi davlatlarning ma’lumotlar va xizmatlar ustidan nazorati bo‘ladi. Bundan tashqari, Bryussel Yevropada ishlab chiqilgan dasturiy va apparat ta’minotidan foydalanishni majburiy qilishni rejalashtirmoqda.

Hozir Amazon, Microsoft va Google jahon bulut xizmatlari bozorining 60 foizdan ortig‘ini nazorat qiladi. Shu sababli yangi loyiha Yevropa texnologik mustaqilligini kuchaytirish chorasi sifatida ko‘rilmoqda.

Yevropa Ittifoqi so‘nggi yillarda AQSh texnologik sektoriga bog‘liqlikni kamaytirishga harakat qilmoqda. Avvalroq Digital Markets Act va Digital Services Act qonunlari kuchga kirgan edi. Ular internetdagi raqobat va platformalarning kontent uchun javobgarligini tartibga soladi.

Avvalroq «Kursiv» Google Android Halo nomli yangi SI funksiyani namoyish etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek