Ekstrasens Jahon chempioni kim bo‘lishini aytdi

3-iyun 2026 15:34 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
JCh-2026 o‘yinlariga chipta olish uchun arizalar qabul qilina boshlandi
Foto: WKOW

Futbol bo‘yicha uchta Jahon chempioni jamoasini to‘g‘ri topgan taniqli ekstrasens Maykl Bruno 2026-yilgi turnir g‘olibi bo‘yicha ham o‘z taxminini e’lon qildi. Bu haqda The Sun xabar berdi.

Uning fikricha, bu safar Jahon chempionati kubogini Portugaliya qo‘lga kiritadi. Bruno 2010-yilda Ispaniya, 2014-yilda Germaniya va 2018-yilda Fransiyaning chempion bo‘lishini oldindan aytgan edi.

Braziliyalik ekstrasensning ta’kidlashicha, u 2022-yildan buyon Portugaliya jahon chempioni bo‘lishini aytib kelmoqda.

Bruno amaldagi chempion Argentina bu safar chorak finalda musobaqani tark etishini taxmin qilmoqda. Uning fikricha, Braziliya esa yarim finaldan nariga o‘ta olmaydi.

Ekstrasens Neymarning jismoniy holati to‘liq tiklanmaganini va jamoa o‘yini yana uning atrofida qurilsa, Braziliya oldingi xatolarni takrorlashi mumkinligini aytdi.

Portugaliya terma jamoasi guruh bosqichida Kongo DR, O‘zbekiston va Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Bruno jamoa turnir davomida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tarixda ilk bor Jahon chempionatida g‘olib bo‘lishiga ishonmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida turnir mezbonlaridan biri Kanada mehmoni bo‘ldi. Bahsda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumanida qatnashib, o‘yin va bo‘lajak Jahon chempionati haqida fikr bildirdi. Shuningdek, JCh oldidan Oʻzbekiston terma jamoasining asosiy himoyachilaridan biri Hojiakbar Alijonov jarohat olgani ma’lum qilindi. Diagnostik va klinik tekshiruvlar natijasiga koʻra, Alijonovning tiklanishi uchun bir hafta vaqt kerak boʻladi.

Milliy terma jamoaning guruh bosqichidagi 1-turni 18-iyun tonggi soat 07:00 da Kolumbiyaga qarshi, 2-turni 23-iyun 22:00 da Portugaliyaga qarshi va 3-turni esa 28-iyun 04:30 da Kongo DR terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Shuningdek