
Chevrolet Traverse 2027 avtomobilining AQSh bozori uchun narxlari e’lon qilindi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Boshlang‘ich LT versiyasi narxi o‘zgarishsiz qolgan. U Traverse oilasidagi eng arzon variant bo‘lib qolmoqda. 2027-yilgi Traverse jami yettita komplektatsiya va uzatma kombinatsiyasida taklif etiladi. Narxlar majburiy yetkazib berish to‘lovi bilan birga hisoblangan.
LT versiyasi old g‘ildirakdan tortuvchi va to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi variantlarda sotiladi. Z71 esa faqat AWD tizimi bilan taklif qilinadi.

Eng katta o‘sish High Country komplektatsiyasida kuzatilgan. Ushbu versiya narxi avvalgi model yiliga nisbatan $1 mingga ko‘tarildi. Shu sabab High Country endi Traverse oilasidagi eng qimmat versiyaga aylandi. Avval bu o‘rin RS komplektatsiyasiga tegishli edi.
To‘liq g‘ildirakdan tortuvchi Traverse High Country narxi $60,1 mingni tashkil qiladi. Bu model qatoridagi eng yuqori narx hisoblanadi. Narxdagi o‘zgarishlardan tashqari, 2027-yilgi Chevy Traverse bir nechta yangilanish oladi. Krossoverga kameralar bilan bog‘liq yangi funksiyalar qo‘shilishi kutilmoqda.
Shuningdek, avtomobil uchun yangilangan g‘ildirak disklari va ikkita yangi kuzov rangi taklif etiladi. Chevrolet Traverse’ning uchinchi avlodi 2024-yilda taqdim qilingan edi. Kompaniya yangi model yilida ushbu krossoverni takomillashtirishda davom etmoqda.

Narxlar:
| Komplektatsiya | Uzatma turi | 2027-yil narxi |
|---|---|---|
| LT | FWD | $42,8 ming |
| LT | AWD | $44,8 ming |
| Z71 | AWD | $51,1 ming |
| RS | FWD | $57,8 ming |
| RS | AWD | $59,8 ming |
| High Country | FWD | $58,1 ming |
| High Country | AWD | $60,1 ming |
Avtomobil 2,5 litrli turbo benzin dvigateli bilan jihozlanishi kutilmoqda. Dvigatel sakkiz pog‘onali avtomat uzatma bilan ishlaydi. Komplektatsiyaga qarab, xaridorlar old yoki to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi versiyani tanlashi mumkin.

2027-yilgi Chevrolet Traverse ishlab chiqarilishi shu yil oxirida boshlanishi rejalashtirilgan. Avtomobil AQShning Michigan shtatidagi Lansing Delta Township zavodida yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri qaysi Chevrolet avtomobillarini onlayn xarid qilish mumkinligi haqida yozgan edi.