Poyezd orqali yo‘lovchi tashishda elektron chipta ulushi 86 foizga yetdi

eʼlon qilindi
Respublika bo‘yicha yirik vokzallarga 50 dan ortiq infokiosk o‘rnatilgan
Poyezd orqali yo‘lovchi tashishda elektron chipta ulushi 86 foizga yetdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda temir yo‘l yo‘lovchi tashish sohasida elektron chipta sotish ulushi 40 foizdan 86 foizgacha oshirildi. Bu Transport vazirligi rahbari Ilhom Mahkamovning Oliy majlis deputatlariga bergan axborotida qayd etildi.

Transport vaziriga ko‘ra, sohada raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yuk jo‘natuvchilar uchun «Yagona darcha» tamoyili asosida E-nakl axborot tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada yuk hujjatlarini rasmiylashtirish jarayoni 7 bosqichdan 3 bosqichga qisqardi. Hujjatlarni rasmiylashtirishga ketadigan vaqt esa 60 soatgacha kamaytirildi.

Yo‘lovchi tashish yo‘nalishida elektron chipta sotish imkoniyatlari kengaytirildi. Respublika bo‘yicha yirik vokzallarga 50 dan ortiq infokiosk o‘rnatildi. Infokiosklar Toshkent-Markaziy, Toshkent-Janubiy, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Xiva, Urganch, Nukus, Andijon, Qo‘qon, Marg‘ilon, Namangan, Termiz, Qarshi va Qo‘ng‘irot vokzallarida joylashtirilgan.

Sohaga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Temir yo‘l vokzallarida xizmat ko‘rsatish sifati va servis turlari kengaygan.

2023-yildan buyon respublika bo‘yicha 33 ta vokzalga jalb qilingan tadbirkorlar soni 90 tadan 270 tagacha oshdi. 2026-yil birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, temir yo‘l transporti xizmatlari hajmi 4,7 trln so‘mga yetdi. O‘sish 28,1 foizni tashkil qildi.

Shu davrda yuk tashish hajmi 28 mln tonna bo‘ldi. Yo‘lovchi tashish esa 3,1 mln nafarni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda yangi metro liniyasi barpo etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek