Fitch O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini “barqaror”dan “ijobiy”ga yaxshiladi

eʼlon qilindi
Hisobotda davlat qarzi darajasi ham ijobiy baholangan
Fitch O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga yaxshiladi / Foto: African business

Fitch Ratings O‘zbekistonning uzoq muddatli emitent defolti reytingi (IDR) prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirdi va mamlakatning «BB» darajasidagi reytingini tasdiqladi. Agentlik bu qarorni islohotlarning izchil davom etayotgani hamda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlashga qaratilgan siyosat bilan izohladi.

Fitch ma’lumotiga ko‘ra, xususiylashtirish, fiskal boshqaruvni takomillashtirish va pul-kredit siyosatini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanishiga xizmat qilmoqda. 2021–2025-yillarda qariyb $5,1 mlrdlik davlat aktivlari xususiylashtirilgan bo‘lib, shundan $1,6 mlrd qismi 2025-yil hissasiga to‘g‘ri keladi.

Agentlik O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘rta muddatda yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etishini kutmoqda. Prognozlarga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 2026-yilda 6 foizni, 2027–2028-yillarda esa o‘rtacha 6,4 foizni tashkil etadi. Fitch bu jarayonda islohotlar, xomashyo mahsulotlariga bo‘lgan talab va pul o‘tkazmalarining barqarorligini asosiy omillar sifatida ko‘rsatgan.

Hisobotda davlat qarzi darajasi ham ijobiy baholangan. Agentlik prognoziga ko‘ra, davlat qarzining YAIMga nisbati 2027–2028-yillarda 28 foizgacha pasayadi. Bu ko‘rsatkich «BB» reytingiga ega davlatlar o‘rtacha darajasidan ancha past hisoblanadi. Shuningdek, 2025-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YAIMning 2,1 foizini tashkil etib, belgilangan 3 foizlik chegaradan past bo‘lgan.

Fitch inflyatsiya bosqichma-bosqich pasayib borayotganini ham qayd etdi. 2026-yil aprel holatiga yillik inflyatsiya 7 foizni tashkil etgan. Mamlakatning xalqaro zaxiralari esa 2025-yildagi $66 mlrddan $71 mlrdgacha oshishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, agentlik O‘zbekiston iqtisodiyoti hali ham xomashyo eksportiga yuqori darajada bog‘liq ekanini, inflyatsiya nisbatan yuqoriligicha qolayotganini va aholi jon boshiga YAIM darajasi reytingdosh davlatlarga nisbatan pastligini ta’kidlagan.

Fitch prognoziga ko‘ra, tarkibiy islohotlarning izchil davom etishi, boshqaruv sifati yaxshilanishi va fiskal barqarorlikning mustahkamlanishi kelgusida O‘zbekiston reytingining oshishiga xizmat qilishi mumkin.

Mazkur qarorga munosabat bildirgan prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva global beqarorlik va moliya bozorlaridagi noaniqliklarga qaramay, Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil islohotlar davom ettirilayotganini ta’kidladi.

«Bu xalqaro investorlar tomonidan mamlakatimizga bildirilgan yuksak ishonch belgisidir. Mamlakatimizning suveren kredit reytingini oshirish bo‘yicha ishchi guruh rahbari sifatida alohida ta’kidlamoqchimanki, biz hamkorlarimiz bilan faol aloqalarni davom ettiramiz. Strategik maqsadimiz — 2030-yilga qadar yurtimiz reytingini «investitsiyaviy» darajaga olib chiqish», — deydi Mirziyoyeva.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq muomaladagi kartalar soni bo‘yicha O‘zbekiston banklari reytingi e’lon qilingan edi.

Shuningdek