Avto

JSTga a’zolik O‘zbekistonda avtomobil narxlarini tushiradimi

Import avtomobillari narxi o‘rtacha 3,3 foizga arzonlashishi mumkin
JSTga a’zolik O‘zbekistonda avtomobil narxlarini tushiradimi
Rasm: SI

JSTga to‘liq a’zolikdan so‘ng yangi import avtomobillari narxi o‘rtacha 3,3 foizga arzonlashishi mumkin. Biroq utilizatsiya yig‘imi saqlanib qolishi sababli eski avtomobillar uchun keskin arzonlashuv kutilmayapti. Bu haqda O‘zbekiston avtomobil biznesi assotsiatsiyasi Autostrada bilan hamkorlikdagi maqolasida ma’lum qildi.

Import avtomobillar arzonlashadimi

O‘zbekiston 2026-yil oxirigacha Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. Bu jarayon fonida ko‘plab haydovchilar xorijiy avtomobillar narxi keskin tushishini kutmoqda.

Biroq mutaxassislar bunday bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. JST talablariga ko‘ra, avtomobillar uchun boj stavkalari bosqichma-bosqich kamayadi. KPMG hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha import boji 15 foizdan 10,8 foizgacha tushadi. Bu esa yangi avtomobillar narxiga cheklangan ta’sir ko‘rsatadi.

BMW misolida hisob-kitob

Masalan, $50 ming qiymatdagi yangi BMW 320i avtomobili uchun bojxona to‘lovlari quyidagicha o‘zgaradi:

To‘lov turiHozir (15%)JSTdan keyin (10,8%)
Advalor boj$7 500$5 400
Maxsus boj$2 000$2 000
Utilizatsiya yig‘imi$4 127$4 127
QQS (12%)$7 635$7 383
Jami to‘lovlar$21 262$18 910
Yakuniy narx$71 262$68 910

Natijada xaridor uchun iqtisod taxminan $2,35 ming yoki yakuniy narxning 3,3 foizi atrofida bo‘ladi.

Eski avtomobillar nega arzonlashmaydi

Uch yildan eski avtomobillar uchun yuqori bojlar va utilizatsiya yig‘imi saqlanib qoladi. Masalan, 2017-yilda ishlab chiqarilgan, 2 litrli dvigatelga ega Mercedes-Benz E-Class avtomobili $25 mingga sotib olinsa, Toshkentda ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar uning qiymati $53,7 mingga yetadi. Bunda bojxona to‘lovlari avtomobilning boshlang‘ich narxidan ham yuqori bo‘ladi.

Shu sababli eski xorijiy avtomobillar uchun bojxona xarajatlari keskin kamayishi kutilmayapti.

Mahalliy avtosanoatga qanday ta’sir qiladi

Mutaxassislar JSTning asosiy ta’siri import emas, balki mahalliy ishlab chiqarishga bo‘lishini aytmoqda.

A’zolikdan keyin avtomobil ishlab chiqaruvchilari ehtiyot qismlar va xomashyoni jahon bozoridan teng sharoitlarda xarid qila oladi. Bu esa yangi brendlarning O‘zbekiston bozoriga kirishini osonlashtiradi.

Bugungi kunda ADM Jizzakh Kia, Changan, Chery va Haval avtomobillarini ishlab chiqarmoqda. BYD Uzbekistan ham ikki modelning CKD yig‘ilishini yo‘lga qo‘ygan. Mahalliylashtirish darajasi oshib borayotgani sababli kelajakda ishlab chiqarish tannarxi kamayishi mumkin.

Xaridorlar uchun nimalar o‘zgaradi

JSTga a’zolikdan keyin yangi import avtomobillari narxi biroz pasayishi mumkin. Biroq eski avtomobillar uchun bojxona xarajatlari yuqori bo‘lib qoladi. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar tannarxi esa asta-sekin kamayishi kutilmoqda. Shuningdek, bozorga yangi brend va modellar kirib kelishi mumkin. Natijada avtomobil bozorida raqobat kuchayadi.

Assotsiatsiya bahosiga ko‘ra, mahalliy avtomobillar narxining sezilarli pasayishi qisqa muddatda emas, balki 3 – 5 yil ichida kuzatilishi mumkin. Shu davrda ishlab chiqarish tannarxi 10 – 15 foizgacha kamayishi ehtimoli bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston JSTga kirish boʻyicha Hindiston bilan muzokaralarni yakunlagandi. Urunovning ta’kidlanishicha, bu boradagi kelishuvlarga 2024-yildayoq erishilgan. Biroq protokol matni va texnik jihatlarni kelishish ma’lum vaqt talab etgan. Shu bilan birga, Hindiston bozorga kirish masalalarida konstruktiv yondashuv ko‘rsatgan.